Tanadagi yog’ning asosiy vazifasi oziq-ovqat zaxiralarini saqlashdir. Qadimgi davrlarda yuqori yog' zaxiralari hisobiga og'ir sharoitlarga bardosh bera oluvchi genotiplar tabiiy tanlanish jarayonida omon qolgan. Surunkali to'yib ovqatlanmaslik insoniyat tarixida odatiy hol bo'lganligi sababli asta-sekin tanada yog' yig'ishga moyillik paydo bo'lgan. Qachondan beri tanadagi yog' zaxirasi muammoga aylandi? XVIII asrga qadar semizlikning salbiy oqibatlari haqida tibbiy adabiyotlarda hech qanday ma'lumot uchramaydi. Keyinchalik, texnologiya taraqqiyoti va sog'liqni saqlash chora-tadbirlari tufayli oziq-ovqat sifati, miqdori va uning xilma-xilligi yaxshilandi. Sifatli oziq-ovqatning mo'l-ko'lligi sog'lom aholining iqtisodiy rivojlanishiga imkon berdi. Ishlab chiqarish samaradorligi va bu bilan birga bo'sh vaqt miqdori hamda bel aylanasi o’lchami ham oshdi. XIX asrning o'rtalariga kelib, ortiqcha vazn yoki semizlik sog'liq yomonlashganiga sabab sifatida ko'rsatila boshlandi. Bir asr o'tgach esa uning o'limga olib kelishi mumkinligi aniqlandi. Ortiqcha vazn va semizlik o'rtasidagi farq nimada? TVI – tana vazni indeksi orqali bunga javob topish mumkin. Masalan, agar kishi vazni 65 kg, bo'yi 1,5 metr bo'lsa, TVI taxminan 29 ni tashkil etadi. Semizlik tanadagi ortiqcha yog'larning mavjudligi bo'lib, bu odamda TVI darajasi 30 dan oshganda yuzaga keladi. Ortiqcha vazn esa odatda 25-29,9 atrofida bo'ladi. TVI sog'lom vaznni aniqlash uchun foydali ko'rsatkich bo'lsa-da, yog'ning haqiqiy foizini faqat bel aylanasi va mushak massasini hisobga olgan holda aniqlash mumkin. Masalan, sportchilarda TVI darajasi doim yuqori bo'ladi. Xo'sh, odam qanday qilib semiradi? Semizlik ko'pincha energiya nomutanosibligidan kelib chiqadi. Agar kaloriyadan hosil bo'lgan energiya miqdori jismoniy faoliyatga sarflangan energiya miqdoridan ko'p bo'lsa, organizm ortiqcha kaloriyani yog' shaklida saqlay boshlaydi. Ko'p hollarda bu nomutanosiblik turli shart-sharoit va inson tanlovi natijasida yuzaga keladi. Kattalar jismoniy mashg'ulotlarga haftasiga kamida 2,5 soat, bolalar esa kuniga bir soatdan vaqt ajratishlari kerak. Ammo dunyo bo'ylab har to'rt kishidan bittasi va har o'nta boladan sakkiztasi jismonan nofaol. Kaloriyaga boy tayyor ovqatlar, ular hajmining ko'payishi hamda keng yoyilgan marketing nofaol turmush tarzi va ko’p ovqatlanishga olib keladi. Resurslarning yetishmasligi, sifatli va arzon oziq-ovqat tanqisligi jamiyatning nochor qatlami uchun yanada katta xavf tug'diradi. Ammo bizning genetik tuzilishimiz ham muhim rol o’ynaydi. Oilalar va ajratilgan egizaklar bilan olib borilgan izlanishlar irsiyat va vazn ortishi o'rtasidagi bog'liqlikni aniqladi. So'nggi yillarda o'tkazilgan tadqiqotlar ham semizlik va hazm qilish tizimining bakterial tarkibidagi farqlar o'rtasidagi aloqani aniqladi. Muammo sabablaridan qat'iy nazar, semizlik global epidemiyaga aylandi. U diabet, yurak kasalligi, insult, yuqori qon bosimi va saraton kabi kasalliklarning paydo bo'lish ehtimolini sezilarli darajada oshiradi. U rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda jinsi, yoshi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, barchaga ta'sir qilishi mumkin. So'nggi 20 yil ichida dunyo bo'ylab bolalarda semizlik darajasi 60 %ga oshdi, shu bois bu o'tkir muammoni e'tiborsiz qoldirib bo'lmaydi. Kishi semirar ekan, uning vazn yo'qotishi yanada qiyinlashadi. Gormonal va metabolik o'zgarish sabab tana ko’p ovqatlanishga qarshilik qilolmaydi. Semiz odam vazn yo'qotgach, vazni o'zgarmagan odam bilan bir xil mashq bajarsa-da, ozroq miqdorda kaloriya sarflaydi, bu esa ortiqcha yog'dan qutulishni qiyinlashtiradi. Vazn ortishi signal yuborish yo'llarini shikastlab, ma'lumot uzatishga xalaqit beradi, miyaning iste'mol qilingan oziq-ovqat miqdori va yog' zaxirasini o'lchashi qiyinlashadi. Inson uzoq vaqt davomida o'z xatti-harakatlarini qat'iy o'zgartirsa, semizlik bilan bog'liq muammoni bartaraf etishi mumkinligi haqida ayrim dalillar mavjud. Turmush tarzining doimiy o'zgarishi yoki bariatrik jarrohlik orqali vazn yo'qotish insulin faoliyatini yaxshilaydi va yallig'lanishni kamaytiradi. Bir paytlar omon qolish uchun bizga ustunlik bergan narsa hozir o'zimizga qarshi ishlamoqda. Dunyo aholisi kamharakat bo'lib, vazni ortib borar ekan, faol harakat va oziq-ovqatga xushyorlik tana salomatligi uchun zarur bo'lgan sog'lom vazn kalitidir. Epidemiya turli xil ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga ko'ra barcha dunyo mamlakatlarida tarqalayotgan ekan, semizlik muammosini yolg'iz hal etib bo'lmaydi. Sayyoramiz aholisi vaznini yaxshilash uchun dunyo bo'ylab zarur chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur.