"Bu devor keltirgan dahshatlarni ham, uni qulatgan ozodlikka bo'lgan muhabbatni ham unutmang. – Berlin devoridagi grafitning noma'lum muallifi. 1961-yil 13-avgust kuni erta tongda Sharqiy Germaniya quruvchilari harbiylar va politsiya hamrohligida ko'chalarni buzib, Berlin va uning atroflariga to'siqlar o’rnata boshladi. Shu kecha tarixdagi eng mashhur bo’linish chiziqlaridan biri – Berlin devori qurilishi boshlandi. Devor qurilishi keyingi o'n yillikda davom etib, ko’chalarni bo’lib tashladi, oilalarni bir-biridan ayirdi va nafaqat Germaniyani, balki butun dunyoni ikkiga ajratib yubordi. Qanday bunday vaziyatga tushib qolganimizni tushunish uchun II Jahon Urushini eslash lozim. AQSH, Buyuk Britaniya hamda Fransiya Gitlerga ittifoqchi mamlakatlarga qarshi kurashda Sovet Ittifoqi bilan birlashdi. Fashist Germaniyasini mag'lub qilgach, g'olib davlatlar mamlakatning turli qismlarini egallab oldi. Bo'linish vaqtinchalik davom etishi kerak edi, ammo sobiq ittifoqchilar urushdan keyingi Yevropa masalasida o’zaro kelisha olmadilar. G'arb mamlakatlari erkin bozor iqtisodiyotini ilgari surgan paytda, Sovet Ittifoqi o'ziga qaram bo'lgan kommunistik davlatlar qatorida zaiflashib qolgan Germaniyani ham qo’ldan chiqarmaslikka intildi. Munosabatlar yomonlashgach, g'arbda Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) tuzildi, SSSR esa sharqda Germaniya Demokratik Respublikasi (GDR) ni tashkil etdi. Sovet mamlakatlari G'arb bilan savdo-sotiq hamda harakat erkinligini cheklab qo'ydilar va shu tariqa deyarli o'tib bo'lmaydigan chegara tuzildi. U “temir parda” nomi bilan tanildi. Germaniyaning sobiq poytaxti Berlinda vaziyat ancha murakkab edi. Shahar butunlay GDR hududida joylashgan bo'lsa ham, urushdan keyingi bitim ittifoqdoshlarga mamlakatni birgalikda boshqarish huquqini berdi. Shunday qilib, Amerika, Britaniya va Fransiya Berlinning g'arbiy tumanlarida demokratik bo’linmalarga asos soldilar. GDR aholisiga mamlakatdan chiqib ketish rasman taqiqlangan bo'lsa-da, Berlinda piyoda, metro, tramvay yoki avtobus bilan to'g'ridan-to'g'ri g'arbiy qismga borish, undan keyin esa GFR ga kirish yoki mamlakat tashqarisiga chiqish mumkin edi. Bu ochiq chegara GDR rahbariyatiga muammo tug'dirdi. Ular Gitlerga nisbatan kommunistcha qarshilik ko’rsatishlarini da’vo qilib, G'arbiy Germaniyani fashistik rejim davomchilari sifatida qoraladilar. AQSh va uning ittifoqchilari GFR ni qayta tiklashga mablag’ ajratar ekan, SSSR GDR resurslarini tovon sifatida o’zlashtira boshladi, natijada mamlakatning rejalashtirilgan iqtisodiyoti o’z raqobatbardoshligini yo’qotdi. GDR dagi hayot Shtazi – maxfiy politsiya tomonidan nazorat qilinib, ular “quloqlari” va xabarchilari orqali fuqarolar orasida xoinlik harakatlarini aniqlashga kirishdi. Sharqda bepul ta'lim va sog'liqni saqlash xizmati joriy etilgan bo'lsa, G'arbda yuqori maosh, keng turdagi iste’mol tovarlari va shaxsiy erkinlik ta’minlangan edi. 1961-yilga kelib, 3,5 million kishi, bu GDR aholisining qariyb 20 foiziga teng, shu jumladan ko'plab yosh mutaxassislar mamlakatni tark etdi. Keyingi yo'qotishlarni oldini olish uchun GDR chegarani yopishga qaror qildi. Shu tariqa Berlin devori paydo bo'ldi. Berlin orqali 43 km va Sharqiy Germaniya bo'ylab 112 km ga cho'zilgan dastlabki to'siq tikonli sim va to'r panjaradan iborat edi. Ayrim berlinliklar simdan sakrab yoki derazadan oshib o’tib qochishdi, ammo devor kengaygani sari bu ish qiyinlashib bordi. 1965-yilga kelib 106 kmlik, balandligi 3,6 m bo’lgan beton to'siqlar paydo bo'ldi va oshib o’tishga yo’l qo’ymaslik uchun ustiga silliq trubalar o'rnatildi. Kelgusi yillarda devor tikanli to'siqlar, qo'riqchi itlar va hatto minalar bilan mustahkamlanib, ularga 302 ta soqchi va 20 ta bunkerlar qo'shildi. Devor ortida 100m maydonni ajratib turuv- chi to’siq – "o'lim chizig'i" bor edi. U yerdagi barcha binolar vayron qilinib, chegarani kesib o'tishga jur'at etgan har qanday kishini otib tashlash buyurilgan yuzlab soqchilar uchun kuzatuv joyi qum bilan qoplangan edi. Ammo 1961-1989-yillar oralig'ida besh mingga yaqin odam Sharqiy Germaniyadan qochib qutulishga muvaffaq bo'ldi. Ulardan ba'zilari diplomatlar yoki sportchilar bo'lgan, ammo boshqa qochqinlar tunnel qazib, kanal bo'ylab suzib, sharlarda uchib yoki hatto o'g'irlangan tankda devorni buzib o'tgan oddiy fuqarolar edi. Ammo xavf-xatar katta edi. Kamida 138 kishi qochishga urinib halok bo'ldi. Ayrim qochqinlar yordam berishga ojiz bo'lgan GFR aholisi oldida otib tashlandi. Devor ishchi kuchini saqlab qolish hisobi- ga GDR iqtisodiyotini barqarorlashtirdi, ammo butun dunyoda kommunistik repressiya timsoliga aylanib, o'z obro'siga putur yetkazdi. G'arb bilan yaqinlashish siyosatini bir qismi bo'lgan 1972-yilgi GDR va GFR o'rtasidagi shartnoma Sharqiy Germaniyani rasman tan oldi, G'arbiy Germaniya esa GDR bilan birlashishdan umidini uzmadi. GDR tuzumi asta-sekin qarindoshlar tashrifiga ruxsat bergan bo'lsa-da, rasmiylar holdan toydiradigan byurokratiya va katta boj to'lovi orqali fuqarolarni ushbu huquqdan foydalanmaslikka rag'batlantirdi. Ammo shunga qaramay, hukumat arizalar bilan to'lib toshgandi. 80-yillarning oxiriga kelib, boshqa Sharqiy blok tuzumlarining liberallashishi harakat erkinligi va demokratiyani talab qilgan ommaviy namoyishlarga sabab bo'ldi. 1989 yil 9-noyabr kechasi GDR chiqish ruxsatnomalarini berish tartibini soddalashtirib, vaziyatni yumshatishga harakat qildi. Ammo bu xabardan so'ng minglab sharqiy berlinliklar Berlin devorining chegara postlariga chiqishdi va hayratga tushgan soqchilarni darhol eshikni ochishga majbur qilishdi. Quvonchga to'lgan olomon G'arbiy Berlinga yopirilib kirdi, ikkala tomondagi kishilar ham devor ustida raqsga tushishdi. Boshqalar esa qo'liga tushgan narsa bilan devorni buza boshladi. Chegarachilar dastlab tartibni saqlashga harakat qilishgan bo'lsa-da, tez orada bo'linish davri nihoyasiga yetgani ma'lum bo'ldi. Qirq yildan so'ng, 1990-yil oktabrida Germaniya qayta birlashdi. Ko'p o'tmay Sovet Ittifoqi ham quladi. Hozirda devorning ayrim qismlari erkinlikni cheklash uchun o'rnatilgan har qanday to'siqni yo'q qilish mumkinligi haqida eslatma sifatida saqlanib qolgan.