Hans Rosling: Sizga javob variantli uchta savol bermoqchiman. Javob berish uchun tarqatilgan mana bu qurilmani ishlating. Birinchi savol: yiliga tabiiy ofatdan [2014, iyun. Berlin, Germaniya] halok bo'luvchilar soni o'tgan asrda mobaynida qanchalik o'zgardi? Ikki baravarga ko'paydimi, butun dunyo miqyosida deyarli o'zgarishga uchramadimi yoki ikki baravar kamaydimi? Iltimos, A, B yoki C javobini tanlang. Juda ko'p javoblarni ko'ryapman. Universitetdagi talabalarimdan ko'ra tezroq javob beryapsiz. Ular shunchalik sekinki, o'ylayveradi, o'ylayveradi. Juda yaxshi, ajoyib. Keyingi savolga o'tamiz. Xo'sh, o'rtacha 30 yoshdagi ayollar qancha vaqt maktabga borgan: yetti yil, besh yil yoki uch yil? A, B yoki C? Iltimos, javob bering. Endi esa oxirgi savol. So'nggi 20 yil ichida dunyoda o'ta qashshoqlikda yashovchi kishilar foizi qaysi tomonga o'zgardi? O'ta qashshoqlik — kunlik iste'mol uchun oziq-ovqat yetishmasligi. Ularning soni ikki baravar ko'payganmi, o'zgarmay qolganmi yoki ikki baravar kamayganmi? A, B yoki C? Endi javoblarga to'xtalsak. Mana qarang, 1900-yildan 2000-yilgacha tabiiy ofatlardan o'lganlar sonini mazkur grafikdan ko'rishingiz mumkin. 1900-yilda yiliga yarim millionga yaqin kishi tabiiy ofatlardan halok bo'lgan: suv toshqini, zilzila, vulqon otilishi, qurg'oqchilik va boshqalar. Xo'sh, ularning soni qanchalik o'zgardi? Gapminder tashkiloti Shvetsiya aholisidan so'rov o'tkazdi. Mana ularning javoblari. Shved jamoatchiligi shunday javob berdi: ularning 50 foizi ikki baravar ko'paydi deb o'ylagan, 38 %i deyarli o'zgarmay qoldi, 12 %iga ko'ra, ikki marta qisqargan. Bu tadqiqotchilar tomonidan yig'ilgan eng ishonchli ma'lumotlardir, ularning soni goh ko'tariladi, goh tushadi, II Jahon urushida eng yuqori ko'rsatichni qayd etgach, u pasaya boshladi va hozirgacha ikki baravarga kamaydi. Bilasizmi, har o'n yillikda dunyo odamlarni falokatlardan yanada yaxshiroq himoya qilishga qodir bo'lib bormoqda. Shvedlarning atigi 12 foizigina bundan xabardor. Shunda hayvonot bog'iga borib, shimpanzelardan so'radim. (Kulgi) (Qarsak) Shimpanzelar kechki yangiliklarni tomosha qilmasligi aniq, ammo ular tavakkal javob berib ham shvedlarni dog'da qoldirdi. Siz qanday javob berdingiz? Mana bunday. Shimpanzelar sizni ham mag'lub qildi. (Kulgi) Ammo g'alabaga yaqin keldingiz. Siz shvedlardan uch baravar yaxshi javob berdingiz, ammo bu yetarli emas. O'zingizni ular bilan taqqoslamasligingiz kerak. Siz eng yuqori natijalarni ko'rsatishingiz kerak. Keyingi javobga e'tibor qaratsak: ayollarning maktabdagi ta'limi. Ko'rinib turibdiki, erkaklar o'rtacha 8 yil maktabga qatnagan. Ayollar necha yil maktabda o'qigan? Shvedlarga xuddi shu savolni berdik va ularning javobini tahmin qilishingiz mumkin, shunday emasmi? To'g'ri javob, ehtimol, eng kam shvedlar tanlagan variantdir? (Kulgi) Qani, ko'raylikchi. Mana natijalar. Ha, ha, ha. Ayollar erkaklarga deyarli yetib oldi. Bu AQSh jamoatchiligining javoblari. Bunisi esa sizniki. Ooo, nima ham derdim, tabriklayman, siz shvedlardan ikki baravar yaxshi natija ko'rsatdingiz, bunisi o'z-o'zidan ravshan. Xo'sh, nega bunday natijalar chiqyapti? Menimcha, bunga sabab shuki, hammamiz qizlar katta muammolarga duch kelayotgan joylar, davlatlar borligini bilamiz. Ularga maktabga borish taqiqlangan va bu jirkanch holat. Ammo dunyoning aksariyat aholisi yashaydigan ko'pchilik mamlakatlarda bugungi kunda qizlar o'g'il bolalar bilan deyarli birdek maktabga boradilar. Bu umuman gender tengligiga erishganimizni anglatmaydi. Ular hali ham ko'p narsadan mahrum, ammo maktab ta'limi izga tushdi. Bu yerda siz umumiy manzarani hisobga olmadingiz. Eng og'ir ahvoldagi muayyan hududlarga asoslanib javob berdingiz va bu holatda siz haqlisiz, lekin umumiy manzara butunlay boshqacha. Qashshoqlik masalasi qay ahvolda? Qashshoqlik ko'rsatkichi deyarli ikki baravar kamayganligi o'z-o'zidan ravshan. Amerikaliklarning atigi besh foizi to'g'ri javob berdi. Siz-chi? Eh-he, shimpanzelarga deyarli yetib olibsiz-ku. (Kulgi) (Qarsak) Yutishingizga ozgina yetmabdi-ya! Bilasizmi, atrofimizda to'qima fikrlar keng tarqalgan. Boy mamlakatlarda ko'pchilik hech qachon qashshoqlikni tugata olmasak kerak, deb o'ylashadi. Boshqa nima deb ham o'ylasin, axir ular aslida nimalar bo'layotganini bilishmaydi-ku. Kelajak haqida o'ylashdan avval hozirda nimalar bo'layotganini bilish kerak. Mazkur savollar Gapminder Tashkilotining bilimsizlik to'g'risidagi loyihasi doirasida bergan dastlabki savollarimizdan bir nechtasi edi. Loyiha o'tgan yili mening boshlig'im va shuningdek o'g'lim Ola Rosling tomonidan ishga tushirildi. (Kulgi) U tashkilotning hammuassisi hamda direktori hisoblanadi. Ola menga johillikka qarshi doimiy ravishda asosli kurashishimiz kerakligini aytdi. So'rovnomalarga ko'ra, jamoatchilik tasodifiy javoblardan ko'ra yomonroq natija ko'rsatmoqda. Demak, to'qima fikrlarga qarshi chora ko'rishimiz zarur. Eng keng tarqalgan yanglish fikr bu dunyo daromadlari taqsimoti bilan bog'liq. Mana qarang. 1975-yilda ko'rsatkichlar shunday edi. Bu kunlik daromadi bir dollardan boshlanib o'sib boruvchi kishilar soni. (Qarsak) Bu yerdagi bitta do'nglikni ko'ryapsizmi, bu - kunlik daromadi bir dollar atrofida bo'lganlar, bu esa daromadi 10-100 dollar bo'lgan kishilardan iborat boshqa bir do'nglik Dunyo ikki guruhga bo'lingan. Bu go'yo ikki o'rkachli tuya dunyosi edi: kambag'allar va boylar. O'rta sinf deyarli yo'q edi. Ammo bu qanday o'zgarganiga e'tibor qarating: vaqt o'tishi bilan dunyo aholisi ko'payib bordi, «o'rkachlar» esa birlasha boshladi. Pastki do'nglik yuqoridagisi bilan birlashdi va ikki o'rkachli tuyamiz bir o'rkachli tuyaga aylandi. Qashshoqlik ko'rsatkichi kamaydi. Shunga qaramay, ko'pchilik odamlar qashshoqlikda qolayotgani dahshatli. Haligacha bir milliardga yaqin kishi qashshoqlikda yashaydi, ammo endi buni tugatish mumkin. Bizning oldimizda turgan vazifa – to'qima fikrlardan uzoq turish, ko'pchilik aholi qayerda joylashganini tushunish. Bu savolning o'zida juda aniq ko'rsatilgan. Biz dunyo bo'yicha bir yoshli bolalarning necha foizi qizamiqqa va boshqa kasalliklarga qarshi vaksina oladi, deb so'radik: 20, 50 yoki 80 foizmi? Bu amerikaliklar va shvedlar bergan javoblar. Shvedlar ko'rsatgan natijaga qarang: to'g'ri javob qaysiligini bilib olasiz. (Kulgi) Jin ursin, bu mamlakatdagi global sog'liqni saqlash professori kim o'zi? Ochig'i, o'sha professor menman. (Kulgi) Bu oson ish emas, ishoning menga. (Qarsak) Biz nimani bilishimizni aniq hisoblash uchun Ola qo'llagan uslub gazetalarda shov-shuvga sabab bo'ldi. CNN ushbu natijalarni o'z veb-saytida e'lon qildi va mushtariylarga savollar berdi. Millionlab kishilar javob berishdi va maqola ostida, menimcha, 2000 ga yaqin sharhlar qoldirildi. O'sha sharhlardan birida: "Garov bog'lashim mumkinki, OAV xodimlarining hech biri testdan o’tmagan", deyiladi. Shunda Ola menga: "Sizni taklif qilishgan matbuot konferensiyalariga borib, qurilma- larni tarqating. Test topshirishsin, OAV nimani bilishini ko'raylikchi", dedi. Marhamat, birinchi marta AQSh matbuot konferensiyada qo'lga kiritilgan norasmiy natijalar. Bu esa Yevropa Ittifoqi OAV laridagi ahvol. (Kulgi) Ko'rib turibsizki, muammo odamlarning ommaviy axborot vositalarini o'qimasliklari va tinglamasliklarida emas. Muammo shundaki, OAV larning o'zlari hech nimani bilmaydi. Endi nima qildik, Ola? Senda biror fikr bormi? (Qarsak) Ola Rosling: Ha, menda bir fikr bor. Ammo birinchi navbatda shimpanzelarga mag'lub bo'lganingizdan afsusdaligimni aytishga ijozat bersangiz. Yaxshiyamki, sizga tasalli bera olaman: nima uchun bu sizning aybingiz emasligini ko'rsataman. Keyin, kelajakda shimpanzelarni yutishingizda yordam beruvchi ba'zi maslahatlarni beraman. Odatda shunday qilaman. Keling, nega dunyo haqida bu qadar kam bilishimizni tushunib olaylik. Hammasi shundan boshlanadi. Bu Hudiksvall, Shvetsiya shimolidagi shahar. Bu men ulg'aygan shaharcha. Unda bir katta muammo bor, aslida, siz o'sib-ulg'aygan joylarda ham xuddi shunday muammo kuzatiladi. Shaharcha oddiy yashash joyi emas. U menga sayyorada hayot qanday kechayotgani haqida juda xato tasavvur bergan. Mana u, bilimsizlik piramidasiga qo'yilgan birinchi tosh. Biz xato shaxsiy tasavvurlarimiz bilan dunyoga boqamiz. Biz yashab katta bo'lgan joylardagi kishilar bilan muloqot bunga ta'sir ko'rsatadi. Keyin esa maktabga qatnay boshlaymiz va muammo yana bittaga ko'payadi. Menga maktablar yoqadi, lekin o'qituvchilar eskirgan dunyoqarashni o'rgatadi. Ular maktabga qatnagan paytida bilim oldi va endi dunyo haqidagi shu bilimlarini o'quvchilarga beg'araz o'rgatishadi. Nashr etilgan kitoblar, shubhasiz, eskirgan, axir dunyo doimiy o'zgarishda. O'quv materiallarini yangilab turish o'ta mushkul. Mana biz nimaga e'tibor qaratyapmiz. Eskirgan faktlar xato shaxsiy tasavvurlarimiz ustiga qo'shiladi. Bunga OAV ning ta'siri qanday? Yaxshi jurnalist qaysi voqeani yoritsa, «duv-duv gap» bo'lishini biladi. Odamlar shov-shuv yangilik yoritilgan shu gazetani sotib olib o'qiydi. G'ayrioddiy voqealar ko'proq qiziqish uyg'otadi, to'g'rimi? Ko'p narsalar bo'rttirib ko'rsatiladi, ayniqsa biz qo'rqadigan narsalar. Shvedga akula hujumi bir necha hafta davomida Shvetsiya gazetalari sarlavhalaridan tushmaydi. Mazkur uchta xato axborot manbalaridan qutilish juda qiyin. Ular bizga axborot hujumi uyushtirib, ongimizni g'alati fikrlar bilan to'ldiradi. Kamiga ichki sezgimiz ham xato fikrlashimizga xizmat qiladi. Intuitsiyamiz evolyutsiya jarayonida muhim rol o'ynagan. U bizga ma'lumotni umum -lashtirib, tez xulosa chiqarishga yordam bergan. U biz qo'rqqan narsalarni bo'rttirib ko'rsatadi va yo'q joydan falokat qidira boshlaymiz. O'zimizga nisbatan yolg'ondakam ishonch paydo bo'ladi. Masalan, o'zimizni eng zo'r haydovchimiz, hech bo'lmaganda o'rtachadan yaxshiroq haydovchimiz deb ishonamiz Bu savolga hamma "Ha, men mashinani yaxshi haydayman" deb javob beradi. Bu evolyutsiyaga yaxshi ta'sir ko'rsatdi, ammo hozir dunyoqarash haqida gap ketganda, so'rov natijalarining yomonligiga aynan mana shu sababchi. Sizning xayolingizda ko'tarilayotgan ko'rsatkichlar aslida pasaymoqda va aksincha. Bunday hollarda shimpanzelar ichki sezgimizni o'zimizga qarshi ishlatmoqda, chunki u kuchimiz bo'lish o'rniga kuchsizligimizga aylandi. Intuitsiyamiz bizning kuchli tarafimiz bo'lishi kerak emasmidi? Bu muammolarni qanday hal qilishimiz mumkin? Dastlab, biz uning ko'lamini aniqlashimiz, keyin munosib yechim topishimiz kerak. Muammo hajmini o'lchash bilan biz qanchalik bilimsiz ekanimizni tushunamiz. So'rovnomalarni o'tgan yili boshladik va endi butun dunyoda bilimsizlik odamlarni qanchalik zaharlayotganini bilib olyapmiz. Asosiy g'oyamiz – uning ko'lamini aniqlash va xalqaro bilim va global rivojlanishning asosan qaysi sohalarida uchratishimizni tushunish – xoh u iqlim o'zgarishi, yo'qolib ketayotgan turlar, inson huquqlari bo'lsin, xoh gender tengligi, energetika yoki moliya. Bu sohalarning barchasi faktlarga to'la va bu faktlardan kishilarni xabardor qiluvchi tashkilotlar mavjud. Men ularning bir nechtasi, jumladan, Butunjahon Yovvoyi Tabiat Fondi, Xalqaro Amnistiya va YUNISEF bilan bog'lanib, jamoatchilik bexabar bo'lgan eng ajoyib faktlari qaysiligini so'radim. O'sha faktlarni to'plab chiqdim. 250 ta faktdan iborat uzun ro'yxatni tasavvur qiling. Keyin biz odamlarga ular to'g'risida savollar beramiz va qayerda bilimlari sustligini bilib olamiz. Faqat dahshatli natijalar ko'rsatilgan savollar qisqa ro'yxatda qoladi, Hans sizga bergan savollar singari. Bunday natijali so'rovlarni aniqlash katta qiyinchilik tug'dirmaydi. Xo'sh, bu qisqa faktlar ro'yxatini nima qilamiz? Biz buni bilimlar sertifikatiga, dunyo haqidagi bilimlar sertifikatiga aylantiramiz. Agar siz yirik tashkilot, maktab, universitet yoki axborot agentligi bo'lsangiz, undan global bilimlardan voqif ekanligingizni tasdiqlashda foydalanishingiz mumkin. Shu tariqa biz savollarga shimpanzega o'xshab javob beradigan xodimlarni yollamayotganimizga ishonch hosil qilamiz. Albatta, bunday qilmasligimiz kerak. Ehtimol 10 yildan keyin, agar ushbu loyiha muvaffaqiyatli yakunlansa, siz ish uchun intervyuda o'tirib, dunyo haqidagi global bilimlaringizni sinovdan o'tkazishingiz kerak bo'ladi. Endi amaliy qismga o'tsak. Qanday qilib shuncha ma'lumotni o'zlashtirish mumkin? Buning usullaridan biri, albatta, kechasi bilan barcha hisobotlarni o'qib, faktlarni yodlab chiqish. Bu hech qanaqasiga ish bermaydi. Hatto Hans ham buni imkonsiz deb o'ylaydi. Odamlarning bunga vaqti yetmaydi. Ularga qisqa yo'l yoqadi va mana u. Biz ichki sezgimizni yana o'z foydamizga ishlatishimiz, umumlashtirishni o'rganishimiz kerak. Men sizga empirik qonuniyatlar orqali yanglish tasavvurlarni fosh etishning bir qancha usullarini o'rgataman. Birinchi eng keng tarqalgan xato tushunchadan boshlasak: atrofdagi hamma narsa yomonlashmoqda. Bu haqda eshitgansiz, o'zingiz ham xuddi shunday o'ylagansiz. Boshqa o'ylash ham mumkin: ko'p narsalar yaxshilanmoqda. Oldingizdagi savolga nima deb javob berishni bilmaysiz. "Yaxshilanmoqda" degan javobni taxmin qilishingiz kerak. Ijobiy variantni tanglang. Pessimist bo'lmang, bu yaxshiroq natija ko'rsatishingizda yordam beradi. (Qarsak) Bu birinchisi. Endi boy va kambag'allar masalasi. Hamma ular o'rtasidagi tafovut o'sib boryapti deb o'ylaydi. Dahshatli tengsizlikda yashaymiz. Ha, dunyoda tengsizlik mavjud, lekin ma'lumot- -larga qarasangiz, birgina do'nglik mavjud. Agar ikkilansangiz, "ko'pchilik aholi o'rtamiyona" degan variantni tanglang. Bu to'g'ri javob berishingizga yordam beradi. Keyingi xato tushuncha quyidagicha: davlatlar va odamlar ijtimoiy taraqqiyotga erishishi, qizlarini maktabga yuborishi va tabiiy ofatlardan himoyalanishi uchun juda boy bo'lishlari kerak. Bu mutlaqo xato. O'rtadagi ulkan do'nglik qizlarning maktab ta'limi allaqachon ta'minlanganini ko'rsatadi. Agar ikkilansangiz, elektr quvvati va qizlar ta'limi kabi savollar uchun "ko'pchilikda allaqachon bor" variantini tanlang. Bular empirik qonuniyatlar xolos, shuning uchun ularni hamma narsaga tadbiq etib bo'lmaydi, ammo siz shu tariqa umumlashtirishingiz mumkin. So'nggi misolga to'xtalsak. Bu ajoyib misol: akulalar xavfli. Bu xato fikr, ya'ni ular xavfli, ammo xalqaro statistikada muhim ahamiyatga ega emas. Men ham akulalardan juda qo'rqaman. Sizga qo'rquv soladigan masalalar to'g'risida savollarga ko'zingiz tushishi bilan, xoh zilzila, boshqa dinlar bo'lsin, xoh terroristlar yoki akula, javobda ularni bo'rttirib yuborasiz. Bu Bosh barmoq qoidasi. Xavfli narsalar ajoyib bo'lishi mumkin. Akulalar juda oz sonli kishilarni o'ldiradi. Siz mana shunday o'ylashingiz kerak. Ushbu to'rt qoidaga tayanib, siz harqalay shimpanzelarga qaraganda yaxshiroq javob bersangiz kerak, chunki ular bunday qilolmaydi. Ular bunday qoidalarni umumlashtira olmaydi. Umid qilamanki, dunyo haqidagi bilimlaringizni yaxshilay olasiz va kun kelib shimpanzelarni ortda qoldirasiz. (Qarsak) Bu tizimli yondashuv. Bularning barchasi biz uchun qanchalar muhim? Ha, qashshoqlik, o'ta qashshoqlik nimaligini va unga qarshi qanday kurashishni tushunish muhim, qizlarga qanday ta'lim berishni tushunish muhim. Bu borada muvaffaqiyat qozonayotganimizni anglaganimizda, biz buni tushuib yetamiz. Ammo aholining boy qatlami haqida qayg'uruvchilar uchun bu muhimmi? Ishonamanki, o'ta muhim, ayni o'sha sababga ko'ra. Agar dunyoqarashingiz faktlarga asoslangan bo'lsa, kelajakda bizni nimalar kutishi mumkinligini tushuna olasiz. 1975-yildagi ikkita do'nglikka qaytamiz. Shu yili men tug'ilganman, bu yerda G'arb Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Shimoliy Amerikani o'z ichiga oladi. Keling, boylik nuqtai nazaridan G'arb bilan qolgan dunyoni solishtirib ko'raylik. Bu dam olish uchun samolyotda chet elga uchishga qurbi yetadigan kishilar. 1975-yilda ularning faqat 30 foizi Yevropa Ittifoqi va Shimoliy Amerikadan tashqarida yashagan. Ammo bu holat hozir o'zgargan. 2014-yilgacha bo'lgan o'zgarishlarni ko'rib chiqsak. Bugungi ko'rsatkich 50/50. G'arb hukmronligi orqada qoldi. Bu juda yaxshi. Endi nima bo'ladi? Katta do'nglik va u qanday harakatlangani esingizdami? Men kichik tajriba o'tkazdim. Xalqaro valyuta jamg'armasi veb-saytiga kirdim. U yerda keyingi besh yilda YaIMning aholi jon boshiga qiymati prognozi joylangan. Uni grafikda aks ettirib, mamlakatlarda daromad tengsizligi o'zgarishsiz qolishini ko'rsatishim mumkin. Ammo bu bilan cheklanib qolmadim. Rivojlanish tezligini o'zgartirmagan holda o'sha besh yillik prognozni keyingi 20 yilga tadbiq qildim. Bu tajriba haqiqatga aylanishi mumkin. Kelajakka o'taylik. 2020-yilda bunday kishilarning 57 foizi YI va Amerikadan tashqarida yashaydi. 2025-yilda 63 foizi. 2030-yilda 68 foizi. 2035-yilga kelib esa boshqa mamlakatlar boy iste'mol bozori bo'yicha G'arbni ortda qoldiradi. Bu aholi jon boshiga YaIMning kelajakdagi prognozlari xolos. Boy iste'molchilarning 73 foizi Amerika va Yevropadan tashqarida yashaydi. Kelajakda faktlarga asoslangan qarorlar qabul qilayotganiga ishonch hosil qilishi uchun kompaniyalar mazkur sertifikatdan foydalansa, yomon bo'lmasdi deb o'ylayman. Katta rahmat. (Qarsaklar) Bruno Jussani: Hans va Ola Rosling